Axborot texnologiyalari bozorida kontrafakt mahsulotlar bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Firibgarlar endilikda texnik vositalarning nafaqat tashqi ko‘rinishini, balki dasturiy ta’minot tarkibini ham aldaydigan darajada mohirlik bilan nusxalamoqda. Xususan, global miqyosda eng ko‘p talab qilinadigan xotira qurilmalaridan biri hisoblangan Samsung 870 EVO modelining yangi turdagi soxta nusxalari sotuvga chiqdi.
Bunday mahsulotlar oddiy foydalanuvchi uchun asl nusxadan deyarli farq qilmaydi va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha to‘liq o‘xshashlikka ega. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur qalbakilashtirilgan drayverlar dasturiy darajada ham tizimni chalg‘itishga qodir.
Ular maxsus dasturlar yordamida tekshirilganda ham haqiqiy qurilma sifatida identifikatsiya qilinishi mumkin, biroq amalda ma’lumotlarni saqlash sifati va tezligi bo‘yicha asl nusxadan keskin farq qiladi. Bu esa foydalanuvchilarning muhim ma’lumotlarini yo‘qotish xavfini yuzaga keltirmoqda.
Mutaxassislar xaridorlarni texnikalarni faqat rasmiy dilerlar va ishonchli savdo nuqtalaridan xarid qilishga, shuningdek, shubhali arzon narxdagi takliflardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Texnologik bozorning shaffofligini ta’minlash va firibgarlikning oldini olish uchun ishlab chiqaruvchilar ham o‘z xavfsizlik tizimlarini yangilash ustida ishlamoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0