Saida Mirziyoyeva Urganch shahridagi infratuzilma holatini o'rgandi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xorazm viloyatiga safari davomida Urganch shahridagi qator ob'ektlar va infratuzilma tizimlarini ko'zdan kechirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Tashrif doirasida shahar xo'jaligidagi mavjud muammolar joyida tahlil qilindi. Mirziyoyeva viloyat va tuman rahbarlari ishtirokida o'tgan yig'ilishda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo'yicha qat'iy topshiriqlar berdi.
Muhokama davomida hududdagi vaziyat tanqidiy ko'rib chiqilib, ustuvor vazifalar belgilandi. Mirziyoyeva muammolarni ochiq muhokama qilish va ularni tezkor hal etish aholi turmush sifatini yaxshilashning asosiy omili ekanini qayd etdi.
Xususan, 1,78 mln aholiga xizmat ko'rsatadigan «Urganch-1» suv ko'taruvchi nasos stansiyasidagi holat alohida e'tibor markazida bo'ldi. Ma'lum qilinishicha, 1970 yilda qurilgan ushbu inshoot bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Hozirda stansiyada 4 nafar xodim ishlamoqda va 4 ta nasosdan biri zaxirada turibdi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko'ra, ob'ektni to'liq modernizatsiya qilish uchun 35 mlrd so'm mablag' zarur.
Bundan tashqari, hududda suv ta'minotini yaxshilash maqsadida 21 km uzunlikdagi yangi tarmoqlarni qurish uchun yana 140 mlrd so'm talab etilishi mumkin. Viloyat infratuzilmasini yangilash bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi nazoratga olindi.