
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Istanbul shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Turkiyaning nufuzli ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur jarayon haqida Saida Mirziyoyeva o‘zining rasmiy Telegram-kanali orqali jamoatchilikka xabar berdi. Safar davomida Turkiya yoshlar jamg‘armasi va qator ta’lim loyihalari tashabbuskori Najmiddin Bilol Erdog‘an hamrohligida Istanbulning yetakchi oliy ta’lim maskanlariga tashrif uyushtirildi.
Ushbu uchrashuvlar chog‘ida tomonlar ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Prezident Administratsiyasi rahbari Turkiyaning ilg‘or oliygohlarida joriy etilgan o‘qitish metodikasi, raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, ta’lim sohasidagi tajriba almashinuvini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.






Izohlar
0