
Xalqaro miqyosdagi tadqiqotchilar guruhi o‘ta quvvatli lazer texnologiyasidan foydalangan holda sun’iy muon nurlarini yaratishga va ular yordamida muayyan obyektning ilk tasvirini olishga erishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur ilmiy yangilik Ruminiyadagi Extreme Light Infrastructure — Nuclear Physics (ELI-NP) tadqiqot majmuasida amalga oshirildi. Ixbt.com nashrining xabar berishicha, ushbu tajriba zarralar fizikasi sohasida muhim qadam bo‘lib, kelajakda murakkab tuzilmalarni o‘rganishda yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muonlar tabiatiga ko‘ra elektronlarga o‘xshash elementar zarralar hisoblanadi, biroq ular elektronlardan taxminan 200 barobar og‘irroq massaga ega. Aynan shu xususiyat ularga zich va qalin materiallardan to‘siqlarsiz o‘tish hamda obyektlarning ichki tuzilishini yuqori aniqlikda ko‘rsatib berish imkonini beradi.
Ilgari muonlarni faqat kosmik nurlar yoki yirik tezlatgichlar yordamida olish mumkin edi. Endilikda esa lazer texnologiyalari orqali ushbu zarralarni boshqariladigan tarzda hosil qilish texnologiyasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
Bu kashfiyot muhandislik, tibbiyot va arxeologiya kabi sohalarda tadqiqot usullarini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.






Izohlar
0