Mirziyoyev 2027–2029 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasiga raislik qiladi
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi (OQXJ) ta'sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig'ilishida ishtirok etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo'mart Tokayev raisligida o'tgan tadbirda Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari hamda tashkilot ijroiya qo'mitasi vakillari mintaqaviy ekologik masalalarni muhokama qildi. Uchrashuvda Orol dengizi havzasidagi suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash choralari ko'rib chiqildi.
Prezident Mirziyoyev o'z nutqida iqlim o'zgarishi va resurslar tanqisligi sharoitida jamg'armaning roli ortib borayotganini qayd etdi. Mutaxassislar tahliliga ko'ra, 2040 yilga kelib mintaqada suv taqchilligi yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin.
Davlat rahbari bu holat ichimlik suvi ta'minoti, agrar sektor va energetika xavfsizligi uchun jiddiy tahdid ekanini bildirdi. Shuningdek, qishloq xo'jaligida suvdan foydalanish samaradorligi pastligi, 1 dollar qiymat yaratish uchun 3 kub metr suv sarflanayotgani tanqid qilindi.
O'zbekiston yetakchisi suvni tejash borasidagi milliy tajriba bilan o'rtoqlashdi. Ma'lum qilinishicha, mamlakatda sug'oriladigan maydonlarning 60 foizi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, kanallarning 40 foizi betonlashtirilgan.
Ushbu islohotlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suv tejalmoqda. Mirziyoyev aholi va fermerlar orasida suv iste'moli madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan "Kelajak suvi" mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.
Yig'ilish yakunida Afg'onistonni mintaqaviy ekologik muloqotga jalb etish va resurslarni adolatli taqsimlash masalalari qo'llab-quvvatlandi. Sammit natijasida Ostona bayonoti imzolandi va 26 mart sanasi Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo va Sirdaryo kuni deb belgilandi.
Kengash qarori bilan Shavkat Mirziyoyev 2027–2029 yillar davri uchun Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi raisi etib saylandi.