Toshkent shahridagi ichimlik suvi sifati doimiy nazorat qilinmoqda

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish1

Toshkent shahridagi ichimlik suvi sifati doimiy nazorat qilinmoqdaToshkent shahridagi ichimlik suvi ta’minoti tizimida sifat nazorati milliy standartlarga muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Toshkent shahar suv ta’minoti aksiyadorlik jamiyati vakili Feruza Hoshimovaning ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt aholisi foydalanayotgan suv sutka davomida laboratoriya nazoratida bo‘ladi. Suv sifati, uning kimyoviy tarkibi hamda bakteriologik holati muntazam tahlil qilib boriladi.

Poytaxtga yetkazib beriladigan suv asosan Chorvoq va Ugom daryolari, shuningdek, ochiq va yer osti manbalaridan olinadi. Iste’molchilarga yetguniga qadar suv to‘rt bosqichli tozalash jarayonini bosib o‘tadi.

Dastlab suv inshootlarda tindiriladi, keyin birlamchi zararsizlantirish ishlari bajariladi. Shundan so‘ng kvars va seolit qumi yordamida filtrlash jarayoni amalga oshiriladi, bu suvni tiniqlashtirish va mayda zarrachalardan tozalash imkonini beradi.

Yakuniy bosqichda esa suv tarmoqqa uzatilishidan avval qayta zararsizlantiriladi. Feruza Hoshimovaga ko‘ra, suv o‘zining tabiiy mineral tarkibini saqlab qoladi.

Unda inson organizmi uchun zarur bo‘lgan kalsiy, magniy, yod va ftor kabi moddalar mavjud. Suvning qattiqlik darajasi 2–4 mg-ekv/l atrofida bo‘lib, bu uni yumshoq suvlar toifasiga kiritadi.

Temir moddasi miqdori ham belgilangan 0,2–0,3 mg/l me’yoriga to‘liq mos keladi. Ba’zi iste’molchilarda suv ta’mi borasida yuzaga keladigan subyektiv fikrlarga to‘xtalar ekan, mutaxassis bu holat suvning xavfsizlik darajasiga daxldor emasligini ta’kidladi.

Asosiy e’tibor toksikologik va bakteriologik ko‘rsatkichlarga qaratiladi. Hozirgi kunda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari suv tarkibida salomatlik uchun xavfli moddalar yo‘qligini va barcha xavfsizlik talablari ta’minlanganini ko‘rsatmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish