O‘zbekistonda korrupsiya va ta’magirlikka qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Shunga qaramay, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad orttirishga urinish holatlari hali ham uchramoqda. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbirlar natijasida mansabdor shaxslarning poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlari fosh etildi.
Jizzax viloyatida Sharof Rashidov tumani hokimligining mas’ul xodimi mahalliy tadbirkorga tuman melioratsiya bo‘limi tasarrufidagi 45 sotix yer maydonini yuqori lavozimdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Shuningdek, u tadbirkorning 24 yoshli tanishini xususiy korxonaga ishga joylashtirish evaziga 500 dollar talab qilgan.
DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ushbu shaxs pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Surishtiruvlar davomida u avvalroq ham tadbirkordan 3,5 million so‘m olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aniqlandi.
Ikkinchi holat Farg‘ona viloyatida qayd etildi. Tijorat banklaridan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari tadbirkorga 2,5 milliard so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga umumiy summaning 5 foizi, ya’ni 125 million so‘m talab qilgan.
Bank mutasaddisi kelishilgan mablag‘ning bir qismi sifatida 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan. Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan adolatsizlik va qonunbuzarlik holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘raydi. Murojaat qiluvchilarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0