
Hindiston hukumati milliy xavfsizlikni mustahkamlash strategiyasi doirasida mamlakat mobil aloqa tarmoqlarida foydalanilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan telekommunikatsiya uskunalarini bosqichma-bosqich yangilash va almashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Aloqa vazirligiga rasmiy murojaat yo‘llab, milliy telekommunikatsiya infratuzilmasidagi Huawei, ZTE hamda boshqa xitoylik ishlab chiqaruvchilarga tegishli jihozlarning aniq hajmini aniqlash bo‘yicha topshiriq berdi. Ushbu tashabbus rasmiy Dehlining kiberxavfsizlik sohasidagi xavotirlari bilan bevosita bog‘liq.
Hukumat xorijiy texnologiyalarga qaramlikni kamaytirish va ma’lumotlar uzatish xavfsizligini kafolatlash maqsadida mahalliy yoki ishonchli hamkorlar tomonidan yetkazib beriladigan uskunalar ulushini oshirishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur jarayon nafaqat texnik jihatdan murakkab, balki yirik moliyaviy xarajatlarni ham talab qiladi.
Hozirgi bosqichda tegishli vazirliklar tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilishning iqtisodiy samaradorligi va xavfsizlikka ta’sirini tahlil qilmoqda. Kelgusida ushbu reja amalga oshirilsa, Hindiston mobil aloqa bozorida texnologik ta’minot zanjiri qayta shakllanishi va xalqaro aloqa operatorlari uchun yangi talablar joriy etilishi kutilmoqda.






Izohlar
0