
O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda o‘tkazilgan noodatiy nikoh to‘yi jamoatchilik e’tiborini tortdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur marosimda kelin va kuyov AQSH hududida bo‘lishiga qaramay, to‘y tantanasi Toshkent shahrida tashkil etildi. Poytaxtdagi maskanlardan birida yig‘ilgan qarindosh-urug‘lar va mehmonlar an’anaviy to‘y shartlariga rioya qilgan holda bayram dasturini davom ettirishdi.
Tadbir davomida o‘zbekona dasturxon yozilib, san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda milliy raqslar namoyish etildi. Minglab kilometr masofa ortida turgan kelin-kuyov esa Zoom platformasi orqali videaloqaga chiqib, marosimning asosiy ishtirokchilariga aylanishdi.
Ular ekran qarshisida o‘tirib, yaqinlarining tabriklarini qabul qilishdi va masofaviy formatda bo‘lsa-da, to‘yning barcha muhim jarayonlarida faol qatnashishdi. Ushbu voqea bugungi kunda raqamli texnologiyalar insonlar orasidagi geografik to‘siqlarni qanday yengib o‘tayotganini va an’analarni yangicha shaklda davom ettirish imkonini berayotganini yaqqol namoyish etdi.
Mazkur holat mamlakatimizda o‘tkazilayotgan to‘y marosimlarining yangi, innovatsion yo‘nalishda rivojlanayotganidan dalolat beradi.






Izohlar
0