
Braziliyada yetishtirilgan Viatina-19 laqabli qoramol chorvachilik olamida misli ko'rilmagan narx ko'rsatkichi bilan diqqat markaziga tushdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur hayvonning qiymati 70 million dollarga baholanib, uni dunyodagi eng qimmatbaho qoramollar qatoriga olib chiqdi. Qizig'i shundaki, bunday ulkan narx uning go'sht mahsuldorligi yoki jismoniy o'lchamlari bilan emas, balki yuqori genetik salohiyati bilan izohlanmoqda.
Seleksiya sohasidagi mutaxassislar Viatina-19 ning nasl qoldirish xususiyatlarini yuqori baholashmoqda. Yaqinda o'tkazilgan kimoshdi savdosida ushbu qoramolga egalik huquqining 33 foizi 21 million dollar evaziga sotildi.
Mazkur bitim chorvachilik sanoatida genetik resurslarning iqtisodiy ahamiyati naqadar yuqori ekanligini ko'rsatib berdi. Viatina-19 ning genetik ko'rsatkichlari kelajakda naslchilik ishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Bu holat qishloq xo'jaligi sektorida qimmatbaho genetik materiallarga bo'lgan talab va taklif munosabatlarining yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.






Izohlar
0