
Filippinning Davao Oriyental provinsiyasida istiqomat qiluvchi 10 yoshli Ralf har kuni o‘ziga xos matonat namunasini ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bola tug‘ma jismoniy nuqson tufayli mustaqil yurish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa-da, hayotga va bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmagan. Kichikligidan boshlab qo‘llariga tayanib harakatlanishga o‘rgangan Ralf uchun maktabga qatnash kundalik odatiy jarayon emas, balki jiddiy sinovdir.
U har kuni ta’lim dargohiga yetib olish uchun faqat qo‘l kuchidan foydalangan holda uzoq yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘ladi. Mazkur jarayonda Ralf turli to‘siqlarga duch keladi.
Yo‘l davomida ayrim kishilarning masxaraomuz qarashlari va atrof-muhitdagi noqulayliklar uning irodasini sindirishga urinadi. Biroq barcha qiyinchiliklarga qaramay, bola o‘qishga bo‘lgan kuchli xohishini saqlab qolgan.
Uning bu qat’iyati ko‘pchilik uchun ibratli holat bo‘lib, jismoniy imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa-da, maqsad sari intilishda hech qanday to‘siq to‘sqinlik qila olmasligini yana bir bor isbotlamoqda. Ralfning ta’lim olish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uning kelajakka bo‘lgan yorqin umidlaridan dalolat beradi.