Putin Ukraina urushini Ulugʻ vatan urushiga tenglashtirdi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Putin Ukraina urushini Ulugʻ vatan urushiga tenglashtirdiRossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar muvaffaqiyati uchun butun mamlakat aholisining birdamlikda ishlashi kerakligini taʼkidladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

U Moskvada boʻlib oʻtgan “Kichik vatan — Rossiya kuchi” forumida soʻzlagan nutqida hozirgi vaziyatni Ulugʻ Vatan urushi davriga qiyosladi. Putinning aytishicha, 1941–1945 yillarda faqat harbiy texnika emas, balki butun jamiyat frontni qoʻllab-quvvatlagan.

Rossiya prezidenti bolalar, ayollar va keksalarning ham front uchun mehnat qilganini alohida taʼkidladi. Putin tarixiy misolni keltirib, aynan shu umumiy birlik gʻalabaning asosiy omili boʻlganini va hozir ham xuddi shunday yondashuv kerakligini aytdi.

Biroq, “Levada-markaz” soʻrovi rossiyaliklarning 67 foizi Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlashni qoʻllab-quvvatlashini koʻrsatdi. Harbiy harakatlarni davom ettirish tarafdorlari soni 24 foizga tushib, kuzatuvlar tarixidagi eng past koʻrsatkichga aylandi.

Shu bilan birga, urush haqida faol kuzatuv olib borayotganlar ulushi 44 foizni tashkil etdi. Ommaviy axborot vositalari Putin reytingi bir necha hafta davomida pasayib borayotganini qayd etmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish