O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Diplomatik vakolatxona xabariga ko‘ra, mintaqadagi xavfsizlik vaziyati kutilmaganda yanada keskinlashish ehtimoli saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan, Isroil hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan hushyorlikni oshirish va shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytirish talab etiladi.
Elchixona rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, fuqarolar mahalliy hokimiyat organlari va Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan e’lon qilinayotgan barcha ko‘rsatmalarga qat’iy rioya etishlari shart. Xususan, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, evakuatsiya yoki boshpana topish borasidagi tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirmaslik hamda xavf yuqori bo‘lgan hududlardan uzoqroq yurish tavsiya etiladi.
Diplomatlar vaziyatni doimiy nazoratda ushlab turishganini ma’lum qilib, favqulodda holatlar yuzaga kelganda zudlik bilan elchixona bilan bog‘lanish lozimligini eslatishdi. Ushbu choralar fuqarolarimizning sog‘lig‘i va hayotini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Vaziyat rivojiga qarab qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib borilishi ko‘zda tutilgan.
Isroildagi o‘zbekistonliklar xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirildi
Bu maqola qanday bo'ldi?