Islandiya dunyodagi eng qimmat davlat deb topildi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish2

Islandiya dunyodagi eng qimmat davlat deb topildiIslandiya yashash qiymati bo‘yicha dunyodagi eng qimmat davlat maqomini egalladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Yangi tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mamlakatda tovar va xizmatlar narxi Yevropa bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 84 foizga yuqoriligi aniqlandi. Shu tariqa, Islandiya uzoq yillar davomida eng qimmat mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qilib kelgan Shveysariyani ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxi mahalliy aholi va mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun sezilarli darajada qimmat hisoblanadi. Xususan, go‘sht mahsulotlari Yevropa mamlakatlaridagi o‘rtacha narxlardan 71 foizga qimmatroqdir.

Shuningdek, avtomobillar savdosi ham xalqaro o‘rtacha narxlardan qariyb 40 foizga yuqori qiymatda amalga oshiriladi. Mutaxassislar narxlarning bunday darajada yuqoriligini faqatgina aholining maoshlari balandligi bilan izohlab bo‘lmasligini qayd etishmoqda.

Iqtisodiy vaziyatga mamlakatdagi yuqori soliq yuklamalari, import mahsulotlariga bog‘liqlik, murakkab logistika xarajatlari hamda ichki bozorda raqobat muhitining sustligi jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Islandiyada inflyatsiya sur’atlari ko‘plab Yevropa davlatlariga nisbatan tezroq kechmoqda, bu esa hayot kechirish xarajatlarini yanada oshirmoqda.

Xulosa shuki, Islandiya o‘zining betakror tabiati va yuqori hayot sifati bilan ko‘pchilikni jalb qilsa-da, ushbu mamlakatda yashash yoki sayohat qilish ancha katta moliyaviy resurslarni talab qiladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish