Eron Ho'rmuz bo'g'oziga 100 ga yaqin dengiz minasini joylashtirdi
Axios nashri xabariga ko'ra, Eron Ho'rmuz bo'g'ozi hududida 100 ga yaqin dengiz minasini o'rnatgan bo'lishi mumkin. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ma'lumotlarda qayd etilishicha, ushbu minalar baliqchilik kemalariga o'xshash "Gashti" rusumli kichik katerlar yordamida suvga joylashtirilgan. Har bir bunday kater bir vaqtning o'zida bir nechta minalarni tashish va tarqatish imkoniyatiga ega ekani aytilmoqda.
AQSh mazkur xavfga javoban hududga maxsus texnika va bo'linmalarni safarbar qildi. Minalarni aniqlash va zararsizlantirish jarayoniga suvosti dronlari, ixtisoslashgan vertolyotlar hamda USS Chief va USS Pioneer kemalari jalb etilgan.
Ekspertlarning baholashicha, Ho'rmuz bo'g'ozining geografik jihatdan tor va murakkab tuzilishi qidiruv ishlarini qiyinlashtiradi. Shu sababli hududni minalardan to'liq tozalash amaliyoti uzoq muddat, hatto bir necha oy davom etishi prognoz qilinmoqda.
Hozirda ushbu strategik suv yo'lida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.