
Eron chempionatida o'ynaydigan bir qator xorijlik futbolchilarga, mamlakatga qaytish taklifi bilan rasmiy murojaatlar yuborilgani xabar qilinmoqda. Xorijiy OAVning xabar berishicha, klublar futbolchilarga so'nggi vaqtda vaziyat barqarorlashganini, harbiy harakatlar to'xtatilganini va yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari qayta boshlanganini ma'lum qilgan. Klublar o'yinchilarning xavfsizligini eng muhim masala sifatida ko'rib, barcha chora-tadbirlar tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilayotganini ta'kidlagan.
Eron futbol federatsiyasi va klublar rahbariyati, chempionatni to'liq bekor qilish yoki uni davom ettirish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda. Hozirgacha aniq qaror qabul qilinmagan bo'lsada, aprel oyining oxiriga qadar yakuniy xulosa chiqarilishi kutilmoqda. Shuningdek, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish masalasi ham muhokama qilinmoqda, ayrim rasmiylar jahon chempionatida qatnashmaslik yoki klublar va milliy terma jamoaning chetga safarlarini cheklash imkoniyatini ko'rib turibdi.
Shu bilan birga, ayrim jamoalar o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Misol uchun, “Traktor” klubi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Saudiya Arabistonida o'yin o'tkazdi. Eron terma jamoasi ham yozda bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Eron klublarida jami 40 ga yaqin legioner futbolchi faoliyat yuritadi, ularning orasida besh nafar o'zbekistonlik futbolchi – Jaloliddin Masharipov, Oston O'runov, Rustam Ashurmatov, Odil Hamrobekov va Igor Sergeyev mavjud. Bundan tashqari, ikki nafar tojikistonlik va bir nafar qirg'izistonlik futbolchi ham bu ligada o'ynaydi. Avvalroq, vaziyatning keskinlashishi sababli ko'plab xorijlik futbolchilar Turkiya va Ozarboyjon orqali mamlakatni tark etgan edi. Hozirgi vaqtda vaziyat biroz tinchlangani sababli, ularni jamoalarga qaytarishga urinishlar boshlangan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.





Izohlar
0