Series ijtimoiy tarmog'i yirik investorlardan 5,1 mln dollar jalb qildi
Yale universiteti bitiruvchi kurs talabalari Nataneo Jonson va Shon Xargrou iMessage messenjeri bazasida faoliyat yurituvchi Series ijtimoiy platformasini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Techcrunch.com nashrining yozishicha, loyiha dastlabki bosqichda Venmo hammuassisi Ikram Magdon-Ismoil va Reddit rahbari Stiv Xaffman kabi yirik investorlardan 5,1 mln dollar miqdorida sarmoya to'plashga erishgan. Dasturchilar ushbu loyihani shunchaki sun'iy intellekt ilovasi emas, balki yangi avlod ijtimoiy tarmog'i sifatida baholamoqda.
Platforma imkoniyatlaridan foydalanish uchun foydalanuvchilar iMessage orqali maxsus raqamga murojaat qilishlari talab etiladi. Tizim shaxsning qiziqishlari va oldiga qo'ygan maqsadlarini tahlil qilib, unga mos kelishi mumkin bo'lgan boshqa foydalanuvchilar profillarini tavsiya qiladi.
Har bir profil fotosurat va qisqa tavsifdan iborat bo'lib, tomonlar o'z shaxsiy telefon raqamlarini ochiqlamagan holda muloqot qilish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda xizmatdan 750 dan ortiq universitet talabalari hamda turli soha vakillari foydalanmoqda.
Loyiha asoschisi Jonsonning fikricha, zamonaviy texnologiyalar an'anaviy qidiruv tizimlari formatidan jonli muloqot interfeyslariga o'tish jarayonini boshdan kechirmoqda. Series tarmog'ida foydalanuvchilar faolligi 82 % ni tashkil etmoqda, bu esa Facebook platformasining ilk yillaridagi ko'rsatkichlaridan yuqoridir.
Jalb etilgan mablag'lar muhandislar jamoasini kengaytirish va mahsulotni rivojlantirishga sarflanishi rejalashtirilgan. Kompaniya markaziy apparati Nyu-York shahrida joylashgan bo'lib, asoschilar o'qish bilan birga tadbirkorlik faoliyatini ham davom ettirmoqda.