Microsoft korporatsiyasiga qarashli GitHub Copilot sun'iy intellekt platformasi o'zining to'lov tizimida jiddiy o'zgarishlarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Techcrunch.com nashrining xabar berishicha, kompaniya belgilangan qat'iy oylik obuna tizimidan voz kechib, iste'mol qilingan tokenlar hajmiga asoslangan hisob-kitob modeliga o'tishni rejalashtirmoqda. 1-iyun sanasidan kuchga kiradigan ushbu yangi tartib, ayniqsa, kichik biznes vakillari hamda mustaqil dasturchilar uchun moliyaviy yuklamaning keskin ortishiga olib kelishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Reddit va X platformalarida ushbu yangilik dasturchilar hamjamiyati tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilar o'zlarining hisob-kitoblariga asoslanib, xarajatlar bir necha o'n baravargacha oshib ketishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.
Ayrim dasturchilar oylik to'lov 29 dollardan 750 dollargacha, hatto 50 dollardan 3000 dollargacha qimmatlashishi kutilayotganini ta'kidlab, ushbu xizmatdan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo'lib qolayotganini ta'kidlashmoqda. Biroq, mutaxassislar o'rtasida qarama-qarshi fikrlar ham mavjud.
Ba'zi tahlilchilar yuqori xarajatlar sun'iy intellekt vositalaridan noto'g'ri foydalanish, ya'ni kod yozish jarayonida keraksiz iteratsiyalarni ko'paytirib yuborish oqibati ekanligini qayd etishgan. Shuningdek, Microsoft shu vaqtgacha foydalanuvchilar xarajatlarini subsidiyalab kelgani va endilikda biznes modelni haqiqiy bozor narxlariga moslashtirishga urinayotgani taxmin qilinmoqda.
Shunga qaramay, kompaniyaning foydalanuvchilarni o'rgatib qo'yib, to'satdan narxlarni oshirishi jiddiy tanqidlarga sabab bo'lmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0