Xitoy AQSh investitsiyalariga cheklov o'rnatmoqda
Xitoy hukumati mamlakatning texnologik startaplariga AQSh tomonidan kiritiladigan sarmoyalarni cheklash choralarini ko'rmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko'ra, Xitoy regulyatorlari mahalliy kompaniyalarga Amerika kapitalini rasmiy ruxsatsiz qabul qilishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Ushbu tashabbus Pekinning milliy xavfsizlikni ta'minlash hamda muhim texnologiyalar chiqib ketishining oldini olish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi cheklovlar o'tgan yili Amerikaning Meta korporatsiyasi Xitoyning sun'iy intellekt sohasidagi "Manus" startapini 2 mlrd dollarga sotib olgani bilan bog'liq hodisaga javob bo'ldi. Hozirda Xitoy idoralari mazkur kelishuv yuzasidan tekshiruv o'tkazmoqda.
Shuningdek, «Moonshot AI» va «StepFun» kabi istiqbolli loyihalar ham AQSh investorlaridan mablag' olmaslik bo'yicha ogohlantirish oldi. Belgilangan cheklovlar nafaqat kichik startaplarga, balki yirik texnologik gigantlarga ham taalluqlidir.
Xususan, TikTok egasi bo'lgan ByteDance kompaniyasiga AQSh investorlari o'rtasida aksiyalarni qayta joylashtirishni hukumat roziligisiz amalga oshirmaslik uqtirildi. Mutaxassislar tahliliga ko'ra, bunday choralar Xitoy texnologiya sektoriga xorijiy kapital jalb qilish jarayonini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.