
Google va FQB mutaxassislari Silent Ransom Group kiberjinoyatchilar guruhi tomonidan qo‘llanilayotgan yangi va xavfli taktikalar yuzasidan jiddiy ogohlantirish bilan chiqishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu guruh faoliyati asosan yuridik firmalarga qaratilgan bo‘lib, ular axborot xavfsizligini buzishda an’anaviy usullardan tashqari, jismoniy aralashuvni ham ishga solmoqda. Xakerlar endilikda masofaviy hujumlar bilan cheklanib qolmay, o‘zlarini soxta IT xodimlari sifatida tanishtirib, jabrlanuvchilarning ofislariga shaxsan tashrif buyurishmoqda.
Mazkur hiyla-nayrang orqali ular korxona ichki tizimlariga kirib, maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashga urinishmoqda. Mandiant hamda Google Threat Intelligence Group tomonidan e’lon qilingan tahliliy hisobotda qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyidan may oyigacha bo‘lgan davrda ushbu guruhning faolligi sezilarli darajada oshgan.
Mutaxassislar kompaniyalarni kiberhujumlarning yangi ko‘rinishlariga qarshi hushyor bo‘lishga va ofislarga tashrif buyurayotgan texnik xodimlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni diqqat bilan tekshirishga chaqirmoqda. Ushbu tendensiya kiberjinoyatchilikning tobora murakkablashib borayotganini va jismoniy xavfsizlik choralarini ham kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0