
Yaponiyaning Toyota avtokonserni avtomobil o‘g‘riliklari bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan o‘zining mashhur yo‘ltanlamas modellarini himoya qilish bo‘yicha yangi choralarni joriy etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Avstraliya bozorida Land Cruiser 300 hamda Land Cruiser Prado 250 avtomobillari uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha o‘g‘rilikka qarshi tizimni taqdim etgan. Ushbu yangi yechim avtomobil egalariga transport vositalarini noqonuniy harakatlardan yanada samaraliroq himoyalash imkonini beradi.
So‘nggi vaqtlarda mazkur hududda yuqori o‘tkazuvchanlikka ega bo‘lgan avtomobillarni olib qochish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda. Shu sababli, Toyota muhandislari xavfsizlik tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratishdi.
Yangi texnologik tizim avtomobilning elektron boshqaruv bloklari va xavfsizlik protokollariga integratsiya qilinadi. Bu esa o‘g‘rilarning avtomobil tizimiga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi qo‘shimcha to‘siq vazifasini o‘taydi.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, mazkur yangilik mijozlarning ishonchini mustahkamlash va mulk xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Avstraliya bozorida joriy etilayotgan ushbu himoya vositasi kelgusida boshqa mintaqalarda ham qo‘llanilishi mumkinligi istisno etilmaydi.






Izohlar
0