
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in bilan bog‘liq favqulodda holat qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Hodisa 16 avgust kuni kechki vaqtda Asaka ko‘chasida joylashgan binolardan birida yuz berdi. Ushbu voqea yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, yong‘in kelib chiqqanligi to‘g‘risidagi xabar tegishli xizmatlarga soat 22:02 da kelib tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, alanga ko‘p qavatli binoning tom qismida paydo bo‘lgan.
Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv guruhlari va o‘t o‘chirish ekipajlari jalb qilingan. Hozirgi vaqtda mutaxassislar yong‘inning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda yetkazilgan zararlar miqdorini baholash ustida ish olib bormoqda.
Vaziyat nazorat ostiga olingan bo‘lib, yong‘in oqibatlari bartaraf etilmoqda. Hodisa natijasida jabrlanganlar haqida hozircha aniq ma’lumotlar taqdim etilmadi.
Tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.






Izohlar
0