
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan poytaxt hududida noqonuniy migratsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir tashkil etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tekshiruvlar natijasida Chilonzor tumanida faoliyat yurituvchi sayyohlik agentliklaridan birining menejeri firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarni chuv tushirayotgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs o‘zining jinoiy rejalarini amalga oshirish jarayonida fuqaroning ishonchiga kirib, uni Yevropa Ittifoqi tarkibidagi Slovakiya davlatiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.
Gumonlanuvchi xorijiy davlatga ishlash uchun kirish vizasini rasmiylashtirish va u yerda ish bilan ta’minlash evaziga fuqarodan katta miqdordagi mablag‘ talab qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida ushbu noqonuniy harakatlarga chek qo‘yildi.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Mutaxassislar fuqarolarni bunday shubhali va noqonuniy takliflarga aldanib qolmaslikka hamda xorijga chiqishda faqat qonuniy yo‘llardan foydalanishga chaqirmoqda.






Izohlar
0