Toshkent xaritalarida soyali va yashil piyodalar yo‘nalishlari ishga tushirildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Toshkent xaritalarida soyali va yashil piyodalar yo‘nalishlari ishga tushirildi

Toshkent shahri iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga moslashish hamda piyodalar uchun qulay navigatsiya tizimini yaratish borasida dunyoda birinchi bo‘lib yangi global tendensiyaga asos soldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Xalqaro texnologik nashr hisoblangan Techloy ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtimizdagi piyodalar xaritasiga ko‘chalardagi daraxtlar hamda soya darajasini hisobga oluvchi maxsus yashil yo‘nalishlar tizimi joriy etildi. Ushbu innovatsion yechim millionlab foydalanuvchilarga ega ommaviy servislar tarkibiga integratsiya qilingan ilk tajriba sifatida qayd etildi.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi shahar muhitini piyodalar uchun qulayroq qilish, ayniqsa, yozning jazirama kunlarida quyosh nurlaridan himoyalangan xavfsiz yo‘laklarni tanlash imkonini berishdan iborat. Bu tizim orqali shahar aholisi va sayyohlar ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar hamda soyali yo‘llar orqali manzilga yetib olishlari mumkin.

Ushbu tashabbus Toshkentning ekologik barqarorlik va raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunday texnologik yondashuv boshqa yirik shaharlar uchun ham o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qiladi va urbanistik rejalashtirishda iqlim omillarini inobatga olish zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish