This is fine memi muallifi startap bilan kelishuvga erishdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

This is fine memi muallifi startap bilan kelishuvga erishdiMashhur This is fine memi muallifi, rassom KC Green oʻz intellektual mulkidan ruxsatsiz foydalangan Artisan startapi bilan nizoni hal qilganini maʼlum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mojaroga kompaniyaning Ava nomli sunʼiy intellekt yordamchisini targʻib qilishda rassomning taniqli asaridan foydalangani sabab boʻlgan. Techcrunch.com nashrining yozishicha, Artisan kompaniyasining Nyu-York va San-Fransisko jamoat transportidagi reklama bannerlarida Greenning olov ichida oʻtirgan it tasvirlangan.

Biroq asl nusxadagi This is fine iborasi oʻrniga My pipeline is on fire yozuvi qoʻyilib, potensial mijozlar Ava nomli AI-menejerni ishga olishga daʼvat etilgan. Mazkur holatdan norozi boʻlgan KC Green ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida sanʼat asari sunʼiy intellekt tomonidan oʻgʻirlanganini taʼkidlab, kuzatuvchilarni ushbu reklamalarga nisbatan vandalizm harakatlarini amalga oshirishga chaqirgan edi.

Rassom matbuotga bergan izohida ijodiy jarayondan chalgʻib, Amerika sud tizimi bilan bogʻliq jarayonlarga vaqt sarflashdan charchaganini qayd etdi. Artisan rahbariyati esa muallif va uning ijodiga nisbatan hurmat saqlashini bildirib, tomonlar murosa yoʻlini topganini maʼlum qildi.

Kompaniya asoschisi va bosh direktori Jaspar Carmichael-Jack kelishuv doirasida barcha bahsli reklamalar olib tashlanganini tasdiqladi. Oʻz navbatida, KC Green startapga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilgan keskin postini oʻchirib tashladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish