
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 9 oktyabr kuni voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomobil ishtirokida fojiali yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan va 10-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchi tegishli haydovchilik guvohnomasisiz onasiga tegishli transport vositasini boshqargan. Ushbu avariya oqibatida yo‘l chetida bo‘lgan boshqa bir maktab o‘quvchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Avtomobilni boshqargan o‘smir esa og‘ir tan jarohatlari bilan Termiz tumanidagi shifoxonalardan biriga yotqizilgan. Hozirda tibbiyot xodimlari tomonidan uning hayotini saqlab qolish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari boshlangan. Hodisaning aniq sabablari va voyaga yetmagan shaxsning avtomobilni qanday sharoitda boshqaruviga olgani ekspertiza jarayonida oydinlashtiriladi.
Mutasaddilar mazkur fojia ortidan ota-onalarni farzandlarining xavfsizligiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga hamda voyaga yetmaganlarga transport vositalarini bermaslikka chaqirmoqda. Ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar tergov yakuniga ko‘ra taqdim etilishi rejalashtirilgan.






Izohlar
0