Samsung kompaniyasi kelgusi avlod Galaxy smartfonlari uchun suyuqlik asosidagi sovutish tizimini joriy etish ustida tadqiqot olib bormoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com manbasiga tayanib ma'lum qilinishicha, mazkur texnologiya germetik kontur ichida aylanib yuradigan maxsus suyuqlik yordamida protsessordan issiqlikni samarali tarzda tashqi muhitga chiqarib yuborishga qaratilgan. Bu yechim qurilmalarning qizib ketishini oldini olib, trottling ya'ni chastotalarning pasayishi kabi muammolarni bartaraf etish hamda uzoq vaqt davomida yuqori unumdorlikni ta'minlashga xizmat qiladi.
Koreya manbalari xabariga ko'ra, Samsung ishlab chiqarish-texnologik institutida ushbu loyiha uchun maxsus muhandislar guruhi tashkil etilgan. Kompaniya konstruksiyani og'irlashtiradigan va shovqin hosil qiladigan ventilyatorli tizimlardan voz kechib, ixcham mobil qurilmalar talablariga javob beradigan nozik suyuqlik tizimlarini ishlab chiqishga e'tibor qaratmoqda.
Mazkur tashabbus zamonaviy mobil protsessorlar quvvatining oshishi hamda smartfonlarda sun'iy intellekt funksiyalarining faol qo'llanilishi bilan bog'liq. Apparat platformasiga tushayotgan yuklamalar ortib borayotgan bir sharoitda, an'anaviy passiv sovutish imkoniyatlari yetarli bo'lmay qolmoqda.
Shu bois, Samsung bug'lanish kameralarini kattalashtirish bilan birga, kelajakdagi flagman modellarida faol suyuqlik bilan sovutish texnologiyasini tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0