Britaniyaning yirik fintex kompaniyasi sanalgan Revolut Hindiston bozorida o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Hozirgi bosqichda xizmatlar cheklangan miqdordagi foydalanuvchilar uchun beta-rejimda ishga tushirildi. Techcrunch.com nashrining yozishicha, joriy yil boshidan buyon kutish ro‘yxatida bo‘lgan bir necha ming nafardan ziyod mijozlar ilovadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Revolut vakillarining qayd etishicha, ilovaning Hindiston uchun maxsus moslashtirilgan beta-versiyasi Google Play Store va Apple App Store platformalariga joylashtirilgan. Sinov muddatidan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahsulot sifatini oshirish hamda mijozlardan kelib tushadigan takliflar asosida tizimni takomillashtirishdan iborat.
Ayni damda kutish ro‘yxatida 450 mingga yaqin kishi navbat kutmoqda. Dastur ishtirokchilari uchun UPI to‘lovlari, raqamli hamyonlar, hamda mahalliy va ko‘p valyutali debet kartalari kabi qator xizmatlar ochiq.
Biroq, bank litsenziyasi bilan bog‘liq tartibga soluvchi cheklovlar tufayli, qo‘shma yoki oilaviy hisob raqamlarini ochish imkoniyati hozircha mavjud emas. Revolut Hindiston bozoriga kirish jarayonini 2021-yilda boshlagan edi.
Kompaniya 2022-yilda Arvog Forex korxonasini xarid qilib, Hindiston Rezerv bankidan PPI litsenziyasini qo‘lga kiritish orqali o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi. Strategik rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib 20 million foydalanuvchini qamrab olish va yillik tranzaksiya hajmini 7 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya, asosan, texnologiyalarga moslashgan 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamiga mo‘ljallangan moliyaviy yechimlarni taklif etishni maqsad qilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0