Qashqadaryoda FVV xodimi cho‘kayotgan bolani qutqarib qoldi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Qashqadaryoda FVV xodimi cho‘kayotgan bolani qutqarib qoldiQashqadaryo viloyatida ro‘y bergan navbatdagi holat jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimining o‘z vaqtida ko‘rsatgan jasorati tufayli voyaga yetmagan bolaning hayoti saqlab qolindi. Voqea 23 may kuni soat 17:00 atrofida Kitob tumanining Bog‘bon mahallasida kuzatilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 9 yoshli bola velosiped boshqaruvini yo‘qotib, ehtiyotsizlik oqibatida Qashqadaryo daryosiga tushib ketgan. Kuchli oqim bolani o‘z domiga tortib, jiddiy xavf tug‘dirgan.

Ushbu qaltis vaziyatda yaqin atrofda bo‘lgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi, mayor Husniddin Sharapov hodisani payqab qoldi va zudlik bilan yordamga kirishdi. U ikkilanmasdan suvga tushib, cho‘kayotgan bolani qutqarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Qutqaruv jarayonidan so‘ng bolaga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, u sog‘-salomat oila a’zolariga topshirildi. Hozirgi vaqtda bolaning ahvoli barqaror ekani bildirilmoqda.

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, foydalanuvchilar tomonidan mayorning bu jasur xatti-harakati yuksak baholanmoqda va minnatdorlik bildirilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish