Qamchiq dovonida Volga soyga tushib ketdi
Qamchiq dovonida yengil avtomobil ishtirokida yo'l-transport hodisasi qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma'lumotga ko'ra, voqea 26 aprel kuni A-373 avtomobil yo'lida yuz bergan. Vodiy yo'nalishidan Toshkent shahri tomon harakatlanib kelayotgan Volga rusumli transport vositasi haydovchisi rul boshqaruvini yo'qotgan.
Natijada avtomobil yo'l chetidan chiqib, pastlikdagi soyga qulagan. Mazkur holat bo'yicha 112 yagona qo'ng'iroq tizimi orqali Qamchiq maxsus qutqaruv bo'limiga xabar kelib tushgan.
Qutqaruvchilar belgilangan manzilga zudlik bilan yetib borib, maxsus amaliyotni boshlagan. Soyga tushib ketgan mashina ichidan ikki nafar fuqaro chiqarib olindi.
Jabrlanganlarga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko'rsatilib, so'ngra ular shifokorlarga topshirildi. Vazirlik mutaxassislari maxsus texnikadan foydalangan holda transport vositasini suvdan xavfsiz hududga olib chiqdi.
Hozirda mutasaddi idoralar tomonidan hodisa sabablari va tafsilotlarini aniqlash maqsadida o'rganish ishlari olib borilmoqda.