Joriy yilning 11 iyul kuni Qamchiq dovonida harakatlanib ketayotgan Lacetti rusumli yengil avtomobilida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Holat yuzasidan Qamchiq maxsus qutqaruv boshqarmasi rasmiy axborot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa soat 17:50 atrofida A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Toshkent–Vodiy yo‘nalishida qayd etilgan.
Qutqaruv xizmatiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, transport vositasining dvigatel qismida to‘satdan yong‘in chiqib, u qisqa vaqt ichida butun avtomobilni qamrab olgan. Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv guruhi yetib borgan va yong‘inni bartaraf etish choralarini ko‘rgan.
Dastlabki tekshiruvlar jarayonida hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Rasmiylar ushbu yo‘nalishda harakatlanuvchi haydovchilarni texnik nosozliklarga jiddiy e’tibor qaratishga va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
Ayni vaqtda mazkur yo‘l qismida transport vositalarining harakati qayta tiklanib, vaziyat nazoratga olingan. Ushbu yong‘in oqibatida jabrlanganlar bor-yo‘qligi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0