1 iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan elektr podstansiyalaridan birida texnik nosozlik oqibatida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Soat 18:57 da Kichik halqa yo‘li ko‘chasidagi elektr tarmog‘i maskanida kuchli tutun va alanga kuzatilishi ortidan Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushdi. Voqea joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari safarbar etildi.
Qutqaruvchilar soat 19:01 da hodisa joyiga yetib borib, tizimli harakatlar natijasida 19:12 da alangani qurshab olishdi va 19:17 ga kelib yong‘inni to‘liq bartaraf etishdi. Mazkur hodisa natijasida jarohatlanganlar yoki halok bo‘lganlar qayd etilmadi.
Vistavochnaya podstansiyasidagi avariya hududdagi bir qator mahallalarda elektr ta’minotining vaqtincha uzilishiga sabab bo‘ldi. Olmazor tumani hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Quyosh, Orzu, Universitet, Ziyo, Ziyokor, Zamondosh, Alon, Chustiy hamda Chig‘atoy Darvoza mahallalarida elektr energiyasi ta’minoti to‘xtagan.
Avariya oqibatida 6 200 ta aholi xonadoni, 807 ta tadbirkorlik subyekti, 18 ta ijtimoiy soha muassasasi hamda talabalar turar joylari elektrsiz qolgan. Ayni vaqtda soha mutaxassislaridan iborat maxsus brigadalar nosozliklarni bartaraf etish va elektr ta’minotini qayta tiklash bo‘yicha tezkor ishlarni olib bormoqda.
Barcha kuch va vositalar xonadonlarga yorug‘likni qaytarish maqsadida safarbar etilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0