Olimlar koinotdan kelayotgan uzun radiosiqnallar manbasini aniqlashdi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish1

Olimlar koinotdan kelayotgan uzun radiosiqnallar manbasini aniqlashdiAvstraliyalik tadqiqotchilar koinotdan keladigan va davomiyligi bir necha daqiqadan bir necha soatgacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan o‘ta uzun radioportlashlar sirini ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ixbt.com nashrining xabar berishicha, ilgari mazkur hodisalar neytron yulduzlari faoliyati bilan izohlangan bo‘lsa-da, yangi ilmiy ish ushbu signallarning asl manbasi oq mitti va qizil mitti yulduzlardan tashkil topgan qo‘shaloq tizim ekanligini isbotladi. Kuzatuv jarayonlari Avstraliyadagi ASKAP radioteleskopi yordamida amalga oshirilgan.

Tadqiqot obyekti sifatida tanlab olingan ASKAP J1745 5051 esa uzoq davom etuvchi o‘tkinchi signallarning (LPT) aniq belgilangan ilk manbasi sifatida qayd etildi. Olimlar o‘z farazlarini tasdiqlash maqsadida Spektr-RG kabi orbital rentgen teleskoplari ma’lumotlarini tahlil qilishdi.

Aniqlanishicha, bunday tizimda oq mitti yulduz o‘z hamrohi bo‘lgan qizil mittidan moddani asta-sekin tortib oladi. Mazkur o‘zaro ta’sir natijasida radioto‘lqinlar va rentgen nurlanishining uzoq muddatli hamda murakkab chaqnashlari yuzaga keladi.

Bu signallar odatiy qisqa radioportlashlardan o‘zining o‘zgaruvchan tuzilishi bilan keskin farq qiladi. Mazkur kashfiyot nafaqat kosmik signallarning tabiatini anglash, balki materiyani Yer sharoitida kuzatish imkonsiz bo‘lgan ekstremal magnit va gravitatsiya maydonlarida o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Bunday qo‘shaloq tizimlar koinotdagi o‘ziga xos tabiiy laboratoriyalar vazifasini o‘tashi bilan ham ahamiyatlidir.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish