Jarqo‘rg‘onda o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Jarqo‘rg‘onda o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan 2-son texnikumda yuz bergan noxush holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ta’lim muassasasi ustasi 16 yoshli o‘quvchi qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sud qarori bilan mazkur shaxs 5 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.

Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan tarqatilgan axborotga ko‘ra, mazkur hodisa ma’lum bo‘lishi bilanoq texnikumda zudlik bilan xizmat tekshiruvi tashkil etilgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida xodimning o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlari o‘z tasdig‘ini topgan.

Natijada mehnat qonunchiligiga muvofiq, o‘z lavozim vazifalariga nomunosib ish tutgan va ta’lim muassasasi obro‘siga putur yetkazgan usta bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ayni paytda mazkur holat nazoratga olingan bo‘lib, ta’lim tizimida bunday ko‘ngilsiz voqealar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Muassasa ma’muriyati o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash hamda axloqiy me’yorlarga rioya etilishini qat’iy nazorat ostida tutishini ma’lum qildi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish