Galaxy Watch Ultra soatlarining korpusi o‘z-o‘zidan ajralib ketmoqda

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Galaxy Watch Ultra soatlarining korpusi o‘z-o‘zidan ajralib ketmoqda

Ixbt.com nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Samsung kompaniyasining texnik imkoniyatlari va chidamliligi bilan ajralib turuvchi Galaxy Watch Ultra aqlli soatlari foydalanuvchilari jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Internet tarmogʻida ushbu gadjetlarning korpusi hech qanday tashqi mexanik taʼsirlarsiz, oʻz-oʻzidan qismlarga ajralib ketayotgani toʻgʻrisida koʻplab shikoyatlar qayd etilmoqda. Mazkur holat qurilmaning sifat koʻrsatkichlariga nisbatan jiddiy savollarni yuzaga keltirmoqda.

Foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan suratlar va tavsiflarga qaraganda, soatning konstruksiyasida yuzaga kelayotgan bunday nosozliklar tizimli tus olmoqda. Hozircha Samsung kompaniyasi mazkur texnik kamchilik yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.

Mutaxassislar ushbu holat ishlab chiqarish jarayonidagi xatolik yoki materiallarning sifatsizligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Galaxy Watch Ultra premium toifadagi qurilma sifatida taqdim etilganini hisobga olsak, mazkur nuqson kompaniya obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli yuqori.

Foydalanuvchilar esa kafolatli xizmat koʻrsatish markazlaridan mazkur muammoga yechim topishni talab qilmoqdalar. Vaziyat rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish