DeepSeek kompaniyasi asoschisi Liang Wenfeng potensial investorlar bilan uchrashuvda tashkilotning kelgusidagi rivojlanish strategiyasini ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Unga ko‘ra, kompaniya mahsulotlarni tezkor tijoratlashtirishdan ko‘ra, sun’iy umumiy intellekt (AGI) sohasidagi tadqiqotlarni ustuvor vazifa deb biladi. Shu bilan birga, laboratoriya tadqiqotlari davom ettirilishi hamda ochiq kodli modellar taqdim etilishi tasdiqlandi.
Ixbt.com manbasiga tayanib yozilishicha, Bloomberg agentligi DeepSeek o‘z tarixidagi ilk tashqi moliyalashtirish bosqichini boshlaganini qayd etgan. Kompaniya kamida 300 million dollar jalb qilishni ko‘zlamoqda, bunda loyihaning bozor qiymati taxminan 70 milliard yuan yoki 10 milliard dollar atrofida baholanishi kutilmoqda.
Ba’zi tahlilchilar uzoq muddatli istiqbolda jalb qilinadigan kapital hajmi 7 milliard dollargacha yetishi mumkinligini taxmin qilishyapti. Shu vaqtgacha DeepSeek moliyaviy jihatdan to‘liq Liang Wenfeng tomonidan asos solingan High-Flyer Quant investitsiya kompaniyasiga bog‘liq bo‘lib kelgan.
Ilgari tashqi manbalardan voz kechish kompaniya mustaqilligini saqlab qolish va tadqiqotlar ustuvorligini ta’minlash uchun xizmat qilgan. Biroq zamonaviy sun’iy intellekt modellarini o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar ortib borayotgani sababli, kompaniya endilikda institutsional kapitalga o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
Aprel oyida taqdim etilgan trilliard parametrli V4-Pro va V4-Flash modellari Huawei Ascend, Cambricon hamda NVIDIA apparat platformalariga moslashtirilgan. Shuningdek, 2025-yil boshida chiqarilgan R1 modeli sun’iy intellekt bozorida katta shov-shuvga sabab bo‘lib, sohadagi xarajatlar borasidagi qarashlarni o‘zgartirib yuborgan edi.
Hozirgi kunda bitimning aniq shartlari, investorlar tarkibi va yakuniy muddatlar oshkor qilinmagan. Ekspertlar ushbu mablag‘ jalb qilish jarayoni Xitoy regulyatorlari e’tiborini tortishi mumkinligini ta’kidlashmoqda, chunki ular fundamental modellar ishlab chiquvchilari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0