
UzAuto Motors kompaniyasi 7 oktyabrdan e’tiboran Chevrolet Cobalt va Damas rusumli avtomobillarni xaridorlarga bank tizimi ishtirokisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib to‘lash shartlari asosida taqdim etishni boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur yangi mexanizm mijozlarga avtomobil xarid qilish jarayonini soddalashtirish va moliyaviy yuklamani optimallashtirish imkonini beradi. Yangi shartlarga muvofiq, Chevrolet Cobalt avtomobilini xarid qilish istagida bo‘lgan xaridorlar umumiy qiymatning 50 foizini boshlang‘ich to‘lov sifatida amalga oshirishlari lozim.
Qolgan mablag‘ esa 24 oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lanadi. Ushbu shartlar doirasida hisoblangan oylik to‘lov miqdori 3 mln 252 ming so‘mdan boshlanishi belgilangan.
Damas avtomobili uchun esa boshlang‘ich to‘lov miqdori 30 foiz etib belgilangan. Kompaniya ushbu o‘zgarishlar orqali ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishni va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratishni maqsad qilgan.
Ushbu qulayliklar vositachi moliya muassasalarisiz, bevosita ishlab chiqaruvchi bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.






Izohlar
0