Chiroqchida nogironligi bo‘lgan shaxsni kaltaklaganlarga nisbatan ish ochildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Chiroqchida nogironligi bo‘lgan shaxsni kaltaklaganlarga nisbatan ish ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida nogironligi bo‘lgan shaxs bir guruh fuqarolar tomonidan kaltaklangani tasvirlangan videolar tarqalib, jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu voqea yuzasidan Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, hodisa nazoratga olinganini va holat to‘liq o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tekshiruv jarayonida janjalda ishtirok etgan barcha shaxslarning shaxsi aniqlandi.

Tergov-surishtiruv harakatlarining dastlabki natijalariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani ichki ishlar organlari tomonidan tegishli huquqiy baho berish ishlari boshlab yuborilgan. Ayni damda qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ta’minlanmoqda.

Ichki ishlar boshqarmasi jamoat tartibini buzish va fuqarolarga nisbatan tajovuz qilish holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini qayd etdi. Tergov jarayoni davom etmoqda va yakuniy natijalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish