Chernobul virusi hujumiga 27 yil to'ldi
Dunyo miqyosidagi eng yirik kiberhujumlardan biri hisoblangan CIH virusi faollashganiga 26 aprel kuni 27 yil to'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. 1999 yilning aynan shu kunida «Chernobul» nomi bilan tanilgan ushbu zararli dastur butun dunyo bo'ylab yuz minglab kompyuterlarga jiddiy shikast yetkazgan edi. Ixbt.com nashrining yozishicha, virus qattiq disklardagi ma'lumotlarni butkul o'chirib tashlash bilan birga, qurilmalarning BIOS tizimini ham ishdan chiqargan.
Mazkur dastur 1998 yil Tayvanda talaba Chen Inxau tomonidan ishlab chiqilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, virus global miqyosda 60 mln ga yaqin shaxsiy kompyuterni zararlashga ulgurgan va jami 40 mln dollar miqdorida iqtisodiy zarar keltirgan.
CIH virusining o'ziga xos xavfi shunda ediki, u tizimdagi ijro etuvchi fayllar hajmini o'zgartirmasdan, ularning ichiga yashiringan va tizimga to'liq kirish huquqini qo'lga kiritgan. Virus faollashgan vaqtda yuklovchi diskning dastlabki bir megabayt qismini o'qib bo'lmaydigan holatga keltirib, so'ngra ona plataning BIOS chipiga keraksiz ma'lumotlarni yozgan.
Oqibatda ko'plab kompyuterlarni chiplarni almashtirmasdan qayta tiklash imkoni bo'lmagan. Kiberhujumdan asosan Windows 95, Windows 98 va Windows ME operatsion tizimlarida ishlagan foydalanuvchilar zarar ko'rgan.