Suriya hukumati Xmeymim aviabazasini milliy armiya ixtiyoriga qaytarishni rejalashtirmoqda
Suriyaning Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi yangi ma'muriyati mamlakatdagi harbiy infratuzilmani tubdan o'zgartirish choralarini ko'rmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Xususan, Rossiya nazoratida bo'lgan Xmeymim aviabazasini qaytarib olish va undan milliy armiya bo'linmalari uchun o'quv markazi sifatida foydalanish masalasi ko'rib chiqilmoqda. «Kommersant» nashrining Damashqdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, bazani to'liq harbiy obyekt emas, balki «hamkorlikda boshqariladigan» va asosan fuqarolik vazifalariga moslashtirilgan formatda saqlab qolish ehtimoli ham mavjud.
Hozirgi vaqtda Suriya armiyasi tarkibining asosiy qismini harbiy tayyorgarligi yetarli bo'lmagan sobiq isyonchilar tashkil etadi. Shu sababli Laziqiya viloyatidagi ushbu bazadan shaxsiy tarkibni o'qitishda foydalanish maqsadga muvofiq deb topilgan.
Al-Modon nashri ma'lumotlariga ko'ra, Damashq rossiyalik harbiy instruktorlar xizmatidan foydalanishni davom ettirishi mumkin. Bu armiya ixtiyorida hamon sovet va Rossiya texnikalari ko'pligi bilan izohlanmoqda.
Shunga qaramay, hamkorlik faqat quruqlikdagi qo'shinlarni tayyorlash bilan cheklanadi, aviatsiya yo'nalishidagi mashg'ulotlar rejalashtirilmagan. Bashar Asad hukumati ag'darilgach, Rossiya mazkur bazadan o'zining strategik qurollarini, jumladan S-300 va S-400 havo mudofaa tizimlari hamda «Bastion» raketalarini olib chiqib ketgan.
Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti Anton Mardasovning qayd etishicha, ushbu jarayonlar bazaning avvalgi harbiy salohiyatini sezilarli darajada pasaytirgan. Ayni paytda Rossiyaga Xmeymimdan faqat Afrika yo'nalishidagi logistika amaliyotlari uchun foydalanishga ruxsat berilgan bo'lsa-da, kelgusida ushbu kelishuvlar qayta ko'rib chiqilishi mumkin.
Ma'lumot uchun, 2025 yil yanvar oyida Damashq Rossiyadan Qamishli bazasidagi qo'shinlarini ham olib chiqib ketishni talab qilgan edi.