
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 15 oktyabr kuni Turkiyaning mudofaa sanoati sohasida yetakchi o‘rin tutuvchi hamda dron texnologiyalari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoga mashhur bo‘lgan Baykar kompaniyasi majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari zamonaviy harbiy sanoat mahsulotlari, robototexnika yo‘nalishidagi ishlanmalar hamda yuqori aniqlikdagi texnologik loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or loyihalar va ko‘p yillik ilmiy tajriba almashinuvi jarayonlari muhokama qilindi.
Tomonlar harbiy-texnik hamkorlik salohiyatini o‘rganish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Baykar kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan texnologik yutuqlar mudofaa tizimlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mazkur muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi mudofaa sanoati sohasidagi aloqalarni rivojlantirish va texnologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin yaratadi. O‘zaro tajriba almashish va muhandislik sohasidagi innovatsiyalarni o‘rganish tashrifning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib, bu kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.






Izohlar
0