
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 15 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi prezidenti ma’muriyati vakillari bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Uchrashuv doirasida Turkiya prezidenti kotibiyati rahbari Hasan Dog‘an hamda Prezident Administratsiyasi bosh kotibi Haqqi Susmaz bilan muloqot qilindi. Tomonlar ikki qardosh davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash hamda ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar jarayonida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimida tajriba almashish hamda idoralararo aloqalarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.






Izohlar
0