Hirotda rikshalar taqiqlanishi 50 ming kishini daromadsiz qoldirdi

0
Hirotda rikshalar taqiqlanishi 50 ming kishini daromadsiz qoldirdiHirotda rikshalar harakati taqiqlanishi 50 ming kishini daromadsiz qoldirdi Afg'onistonning Hirot shahrida "Tolibon" hukumati tomonidan rikshalar harakatiga o'rnatilgan cheklovlar aholi o'rtasida jiddiy ijtimoiy inqirozni keltirib chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Amu TV nashrining xabar berishicha, to'rt oy muqaddam joriy etilgan mazkur taqiq ustidan nazorat so'nggi kunlarda yanada kuchaytirilgan. Shahar yo'l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari har kuni o'nlab uch g'ildirakli transport vositalarini to'xtatib, ularni jarima maydonlariga joylashtirmoqda.

Dastlabki bosqichda rikshalarning faqat shahar markaziy ko'chalarida harakatlanishi cheklangan edi. Biroq ayni paytda haydovchilar muntazam ravishda jarimaga tortilayotgani va transport vositalari musodara qilinayotgani qayd etildi.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu tartib sababli 50 mingga yaqin fuqaro o'zining yagona ish joyidan ayrilgan. Hozircha bu ko'rsatkich mustaqil tashkilotlar tomonidan to'liq tasdiqlangani yo'q.

Mahalliy haydovchilarning so'zlariga ko'ra, rikshalar sotib olish uchun bor mablag'ini sarflagan oilalar hozirda og'ir iqtisodiy holatga tushib qolgan. Masalan, mahalliy fuqaro Zmaray ilgari shu faoliyat orqali oila tebratganini, endilikda esa yangi ish topish imkonsiz bo'lib qolganini bildirdi.

Mazkur cheklovlar bozordagi narxlarga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi. Avval 160 ming afg'oniy turadigan rikshalar narxi ayni paytda 50–80 ming afg'oniygacha pasayib ketgan.

Yana bir haydovchi Mirvays transportni bo'lib to'lash sharti bilan olganini, ammo cheklovlar tufayli uni arzon narxda sotishga majbur bo'lganini aytmoqda. U ijara haqini to'lay olmagani sababli uyini ham tark etgan.

Ma'lum qilinishicha, jarima maydoniga olangan ayrim transport vositalari muayyan to'lovlar evaziga qaytarilmoqda, biroq bu jarayonning shaffof emasligi aholi noroziligini kuchaytirmoqda. Hirotlik haydovchilar ish o'rinlari tanqis bo'lgan sharoitda "Tolibon" ma'murlaridan ushbu qarorni qayta ko'rib chiqishni so'ramoqda.

Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Dunyo yangiliklari