
"Parij" futbol klubi tarkibini yangi iqtidorli o'yinchi bilan kuchaytirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Klub rasmiy saytining xabar berishicha, "PSJ" tarbiyalanuvchisi Emmanuel Mbemba jamoa bilan 2030-yilning yoziga qadar mo'ljallangan shartnoma imzoladi. 19 yoshli himoyachi yangi jamoasiga erkin agent sifatida kelib qo'shildi.
Emmanuel Mbemba o'z vaqtida "PSJ" yoshlar jamoasida yuqori saviyadagi o'yinlari bilan mutaxassislar e'tiborini tortgan va Fransiya yoshlar terma jamoalariga ham jalb etilgan. Uning iqtidorini payqagan Yevropaning qator top-klublari, jumladan, Londonning "Arsenal" jamoasi ham futbolchini o'z safiga qo'shib olishga qiziqish bildirgan edi.
Biroq, yakunda himoyachi "Parij" loyihasini tanladi. Transfer borasida fikr bildirgan "Parij" sport direktori Marko Neppe futbolchining salohiyatiga yuqori baho berdi:
"Emmanuelni jamoamizda ko'rib turganimizdan juda xursandmiz.
U o'z tanlovini bizning loyihamiz foydasiga amalga oshirgani biz uchun muhim. Mbemba — zamonaviy talablarga javob beradigan, chap oyoqda harakatlanuvchi iqtidorli himoyachi.
Uning universalligi, o'yinga bo'lgan yondashuvi, shijoati va qat'iyati murabbiylar shtabida ijobiy taassurot qoldirdi", — dedi Neppe. Mutaxassislarning fikricha, mazkur transfer "Parij" klubining kelajakdagi natijalarini yaxshilash va himoya chizig'idagi raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0