
Fransiyada mashhur futbolchi, "Arsenal" va "LION" klublari afsonasi Aleksandr Lakazettning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilgan firibgarlik holati yuz berdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Le Parisien nashrining xabariga ko'ra, noma'lum shaxs futbolchining ismi-sharifi, tug'ilgan sanasi va manzili kabi konfidensial ma'lumotlarini o'zlashtirgan. Firibgar ushbu ma'lumotlar asosida soxta hujjatlar to'plamini shakllantirib, Fransiya ijtimoiy yordam organi — CAF (Caisse d'Allocations Familiales) tomonidan taqdim etiladigan iqtisodiy imtiyoz va nafaqalarni qo'lga kiritishga uringan.
Ma'lum bo'lishicha, ushbu usul orqali jinoyatchi davlatning ijtimoiy himoya tizimidan taxminan 200 ming yevro miqdoridagi mablag'ni noqonuniy ravishda egallagan. Jamoatchilikni eng ko'p hayratga solgan jihati shundaki, firibgarlik fosh etilgach, gumon qilinuvchi Nitsya shahridagi CAF idorasi oldiga kelib, norozilik namoyishini uyushtirgan.
Hozirgi vaqtda tergov jarayonlari davom etayotgani sababli, shaxs ozodlikda ekanligi ma'lum qilindi. Huquqni muhofaza qilish organlari ushbu ish bo'yicha surishtiruvlarni yakunlash ustida ishlamoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.





Izohlar
0