
Samarqand shahrida rejalashtirilgan nufuzli xalqaro anjumanlar hamda yuqori darajadagi diplomatik uchrashuvlar o‘tkazilishi munosabati bilan shahar infratuzilmasida vaqtinchalik o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Xususan, 18 oktyabrdan 22 oktyabrga qadar, ya’ni besh kun davomida shahar markaziy ko‘chalari hamda unga kirish yo‘nalishlarida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi. Ushbu choralar tadbirlarning xavfsiz va tartibli o‘tishini ta’minlash hamda shahardagi transport oqimini nazorat qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan mas’ul idoralar haydovchilardan yo‘llarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish uchun belgilangan tartibga rioya qilishni so‘raydi. Harakatlanishda qulaylik yaratish va noqulayliklarni kamaytirish uchun maxsus aylanma yo‘llar tashkil etilgan bo‘lib, haydovchilarga mazkur muqobil yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Shahar ma’muriyati va yo‘l-patrul xizmati xodimlari haydovchilardan yo‘l belgilari hamda tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni hamda ushbu davrda shahar hududida harakatlanishni oldindan rejalashtirib olishni so‘rab qoladi. Mazkur cheklovlar xalqaro tadbirlar yakunlangach, bosqichma-bosqich bekor qilinadi va transport harakati odatiy tartibga qaytariladi.






Izohlar
0