
O‘zbekiston hududida yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida tabiatda kuzatilmagan noyob ko‘rshapalak turi qayta aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilmiy xodimlari xalqaro hamkorlar bilan birgalikda olib borilgan ekspeditsiya davomida Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i hududida turkman uzunquloq ko‘rshapalagini (Plecotus turkmenicus) aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur tur Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng kamyob va kam o‘rganilgan qanotlilar vakillaridan biri hisoblanadi.
Ushbu turga oid ilmiy ma’lumotlar uzoq yillar davomida fan uchun deyarli mavjud bo‘lmagan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, mazkur topilma mintaqa biologik xilma-xilligini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olimlar tomonidan o‘tkazilgan dala tadqiqotlari va monitoring ishlari hududning ekologik holatini baholash hamda noyob tur populyatsiyasini saqlab qolish bo‘yicha aniq strategiyalarni ishlab chiqishga imkon beradi. Ayni damda mutaxassislar aniqlangan ko‘rshapalak turining yashash tarzi, migratsiya yo‘llari va tarqalish arealini chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Ushbu hodisa O‘zbekiston faunasi boyligini yana bir bor tasdiqlab, tabiatni muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlar naqadar zarur ekanligini ko‘rsatib beradi.






Izohlar
0