
Xalqaro mehnat tashkilotining 2025 yilga mo'ljallangan tahliliy hisobotida aholi bandligi bo'yicha dunyo davlatlari reytingi e'lon qilindi. Ushbu ro'yxatda O'zbekiston 187 ta mamlakat orasida 114-o'rinni egalladi. Hisobotda keltirilishicha, O'zbekistonda bandlik darajasi 55 foizni tashkil etmoqda, ya'ni mehnatga layoqatli aholining aksariyati iqtisodiy faoliyatda qatnashmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko'ra, bu ko'rsatkichga bir qator omillar ta'sir ko'rsatmoqda. Xususan, oliy va o'rta ta'lim muassasalarida o'qiyotgan yoshlar soni, uy bekalari va norasmiy sektorda band bo'lgan fuqarolar ulushi bandlik darajasiga ta'sir qiladi. Shuningdek, rasmiy statistika ma'lumotlarida aks etmaydigan bandlik ham umumiy ko'rsatkichni shakllantirishda muhim rol o'ynaydi.
Qozo'iston MDH davlatlari orasida eng yuqori bandlik darajasiga ega bo'lib, 67 foiz natija bilan 29-o'rinni band etdi. Belarus 61 foiz bilan 67-o'rinda, Rossiya esa 60 foiz ko'rsatkich bilan 73-o'rinni egalladi. Qirg'iziston 111-o'rinda, Tojikiston esa 175-o'rin bilan reytingda pastroq pozitsiyalarda joylashgan.
Tahlilchilarning ta'kidlashicha, O'zbekiston uchun bandlik darajasini oshirish iqtisodiy rivojlanishning asosiy shartlaridan biridir. Bu borada yangi ish o'rinlari yaratish, kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirishga alohida e'tibor qaratish zarur.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0