Jaloliddin Ahmadaliyev maktab yillaridagi qiziqarli voqealarni yodga oldi
Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev «Xush kelibsiz» loyihasiga bergan intervyusida o'zining maktab davri bilan bog'liq xotiralari haqida so'zlab berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. San'atkor suhbat davomida bolalik yillari, darslarga bo'lgan munosabati va o'zi yoqtirgan fanlar xususida to'xtalib o'tdi. Ahmadaliyevning ta'kidlashicha, u maktabda o'qib yurgan kezlari asosan jismoniy tarbiya, musiqa va mehnat darslariga alohida qiziqish bilan yondashgan.
Ijrochi mehnat darslari ko'pincha amaliy mashg'ulotlar bilan o'tganini kulgi bilan esladi. Uning so'zlariga ko'ra, o'qituvchisi o'quvchilarni ko'chada yer chopishga chiqarib yuborgan, bolalar esa qisqa vaqt ishlab, so'ngra o'yin bilan band bo'lishgan.
Shuningdek, xonanda adabiyot fanini ham juda yaxshi ko'rganini ma'lum qildi. Suhbat davomida Ahmadaliyev maktabdagi sho'xliklari va ustozlari bilan bo'lgan munosabatlari haqidagi savollarga ham javob qaytardi.
U bolalikda ancha sho'x bo'lganini tan olib, darsga kechikkan paytlarida o'qituvchilari darsga kiritish uchun qo'shiq aytib berish shartini qo'yishganini aytdi. Xonanda o'z mahalladoshi bo'lgan ustozi Oyshaxon opani ham ko'p qiynaganini hazilomuz tarzda yodga oldi.
Ushbu samimiy suhbat ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarida katta qiziqish uyg'otdi.