AQSHda yosh avlod vakillari anʼanaviy savdo markazlariga boʻlgan qiziqishini qayta tiklayotgan bir pallada, The Mall startapi ushbu savdo konsepsiyasini raqamli makonga moslashtirishga qaror qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Techcrunch.com nashrining maʼlumotlariga koʻra, mazkur yangi ilova xaridorlarga oʻzlari yoqtirgan brendlarni jamlagan holda shaxsiy virtual savdo markazini shakllantirish hamda barcha chegirmalar haqidagi axborotlarni yagona platformada nazorat qilish imkonini beradi. Loyiha hammuassisi Elli Konskerning taʼkidlashicha, ushbu tashabbus onlayn xarid qilish jarayonidagi tartibsizlik va tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda isteʼmolchilar kerakli mahsulotni topish uchun koʻplab brauzer oynalarini ochish, turli xil axborot byulletenlariga obuna boʻlish va brendlar yangiliklarini doimiy kuzatib borish kabi murakkab vazifalarga duch kelmoqdalar. Shreya Halder va Elli Konsker tomonidan asos solingan The Mall platformasi musiqa sohasidagi Spotify yoki kitobxonlar uchun moʻljallangan Goodreads singari yagona markazlashtirilgan baza vazifasini bajarishi koʻzda tutilgan.
Ayni damda ilova katalogida 10 000 dan ortiq brendlar jamlangan boʻlib, foydalanuvchilar oʻzlarining Instagram yoki TikTok sahifalarini ulash orqali tizimga yangi doʻkonlarni osonlikcha qoʻshishlari mumkin. Texnik yechimga koʻra, platforma brendlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri API orqali emas, balki maxsus skanerlash texnologiyasi yordamida chakana savdo saytlaridagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida ishlaydi.
Tizim katta til modellari (LLM) yordamida katalog va narxlarni muntazam yangilab boradi hamda foydalanuvchilarga qiziqarli kolleksiyalar yoki chegirmalar haqida tezkor bildirishnomalarni yuboradi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0